Maxfiylik
Oxirgi yangilanish: 7-oktabr 2026
Xizmatni kim yuritadi
Guldasta.me ni jismoniy shaxs yuritadi. Uning sayti — qahorov.uz. Yuridik shaxs ham, pochta manzili ham yoʻq.
Shikoyat va maʼlumotlarni oʻchirish soʻrovlari uchun Telegramda t.me/Qahor0v_bot ga yozing yoki Yordam sahifasidagi formadan foydalaning.
Qanday maʼlumot yigʻiladi
Faqat guldasta yaratish va uni koʻrsatish uchun kerak boʻlgan maʼlumot yigʻiladi.
- Tashkilotchi: email manzili (kirish kodini yuborish uchun), koʻrsatgan ismi va guldasta haqida yozganlari — qabul qiluvchining ismi, sarlavha, kirish soʻzi, sabab, ochilish vaqti hamda qoʻshgan boʻlsa, qabul qiluvchining surati.
- Ishtirokchi: yozgan ismi, xabar matni, qoʻshgan suratlari va ovozli xabari, tanlagan guli. Ishtirokchidan email yoki telefon raqami soʻralmaydi.
- Qabul qiluvchi: guldastani ochish uchun hech narsa kiritmaydi.
- Shikoyat yoki savol yuborgan inson: yozgan matni va, oʻzi xohlasa, aloqa uchun qoldirgan manzili.
Kirish kodi emailga Supabase kirish xizmati orqali yuboriladi. Buning uchun tashkilotchining email manzili shu xizmatga uzatiladi.
Bir xil soʻrovlar juda tez-tez takrorlanishining oldini olish uchun urinishlar soni hisoblanadi. Buning uchun IP manzilingizning oʻzi emas, undan hosil qilingan, ortga qaytarib boʻlmaydigan belgi saqlanadi.
Maʼlumot qayerda saqlanadi
Maʼlumotlar Supabase bulut xizmatida saqlanadi: maʼlumotlar bazasi, fayllar ombori va kirish xizmati shu yerda.
Hozircha alohida zaxira nusxa yuritilmaydi; yuritila boshlasa, shu sahifada xabar beramiz.
Kim nimani koʻradi
- Guldasta ochilguncha koʻrish havolasi xabarlarni, mualliflarni va hatto ularning sonini ham koʻrsatmaydi.
- Guldasta ochilgandan keyin tashkilotchi tasdiqlagan xabarlarni koʻrish havolasiga ega har bir inson koʻra oladi. Havolani olgan odam uni boshqalarga yubora olishini unutmang.
- Tasdiqlanishi kutilayotgan va yashirilgan xabarlar guldastada hech qachon koʻrinmaydi.
- Tashkilotchi oʻz guldastasiga yuborilgan barcha xabarlarni koʻradi va ularni tasdiqlaydi yoki yashiradi. Xabar matnini oʻzgartira olmaydi.
- Taklif havolasi boshqalarning xabarlarini koʻrsatmaydi: u faqat xabar qoldirish uchun.
- Xizmatda ommaviy lenta, qidiruv yoki profil sahifalari yoʻq.
- Xizmatni yurituvchi tomon xabar, surat va ovozli yozuvlarni faqat ular haqida shikoyat kelgan boʻlsa koʻrib chiqadi.
Maxfiy havolalar
Guldastaga kirish havolalar orqali boshqariladi. Har bir havola alohida va tasodifiy yaratiladi.
- Taklif havolasi — xabar qoldirish uchun.
- Koʻrish havolasi — tayyor guldastani ochish uchun.
- Tahrirlash havolasi — faqat oʻz xabaringizni oʻzgartirish yoki olib tashlash uchun. U xabar yuborilgandan keyin koʻrsatiladi.
Tashkilotchi taklif va koʻrish havolasini yangilashi mumkin: shunda eski havola ishlamay qoladi. Havolani kimga yuborishni oʻzingiz hal qilasiz, shuning uchun uni faqat ishongan insonlaringizga yuboring.
Shaxsiy sahifalar qidiruv tizimlari uchun yopiq deb belgilangan. Havola messenjerda ulashilganda faqat umumiy rasm va “Sizga atalgan guldasta” yozuvi chiqadi — ism, matn yoki surat chiqmaydi.
Surat va ovoz
- Surat yuklanishidan oldin brauzeringizning oʻzida qayta kodlanadi va kichraytiriladi. Bunda suratga yozilgan joylashuv (GPS) va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar olib tashlanadi.
- Mikrofonga ruxsat faqat “Ovoz yozish” tugmasini bosganingizda soʻraladi. Yozuvni saqlashdan oldin tinglab koʻrishingiz va qayta yozishingiz mumkin.
- Surat va ovozli xabarlar yopiq omborda saqlanadi va faqat tegishli havola tekshirilgandan keyin, qisqa muddatli manzil orqali ochiladi.
Faqat brauzeringizda saqlanadigan maʼlumot
Baʼzi narsalar serverga yuborilmaydi va faqat siz foydalanayotgan brauzerda saqlanadi:
- qaysi xabarlarni oʻqiganingiz va guldastani ochganingiz haqidagi belgi;
- yozayotgan xabaringizning qoralamasi va yuborgan xabaringizni tahrirlash havolasi — 7 kungacha;
- tashkilotchi sifatida kirgan boʻlsangiz, kirish holatingiz.
Qurilmadan boshqalar ham foydalansa, ular bu maʼlumotni koʻrishi mumkin. Qoralamani sahifadagi “Bu qurilmadagi qoralamani tozalash” tugmasi bilan oʻchirasiz.
Ochilgan guldasta qancha vaqt saqlanadi
Guldasta ochilgandan keyin uni 3 oy davomida hech kim koʻrish havolasi orqali ochmasa, guldasta oʻchiriladi: shu paytda unga kirish toʻxtaydi, maʼlumotlar va fayllar esa shundan keyin 30 kun ichida oʻchiriladi.
Buning uchun serverda faqat guldasta oxirgi marta ochilgan kun yoziladi (kuniga koʻpi bilan bir marta). Uni kim ochgani hech qachon yozilmaydi. Qaysi xabarlarni oʻqiganingiz haqidagi belgilar faqat brauzeringizda qoladi.
Oʻchirish
- Muallif oʻz xabarini tahrirlash havolasi orqali olib tashlashi mumkin. Xabar guldastadan darhol olib tashlanadi.
- Tashkilotchi guldastani oʻchirsa, barcha havolalar darhol ishlamay qoladi. Guldasta maʼlumotlari va fayllari 30 kun ichida butunlay oʻchiriladi.
- Tashkilotchi akkauntini oʻchirsa, unga tegishli barcha guldastalar va xabarlar darhol oʻchiriladi; fayllar ombordan bir necha soat ichida olib tashlanadi.
- Xabar yashirilsa yoki guldasta yopilsa, yangi kirish toʻxtaydi. Lekin kimdir oldin koʻrgan, saqlab olgan yoki ekran suratiga olgan nusxani qaytarib boʻlmaydi.
Reklama va kuzatuv
Shaxsiy sahifalarda — xabar qoldirish, guldastani koʻrish, xabarni tahrirlash va boshqaruv sahifalarida — reklama ham, uchinchi tomon kuzatuv vositalari ham yoʻq. Shriftlar va rasmlar saytning oʻzidan yuklanadi.
Hozircha xatolarni kuzatish yoki tahlil (analitika) xizmatlaridan foydalanilmaydi; bu oʻzgarsa, shu sahifada yozamiz.
Shikoyat va savollar
Guldastada nomaqbul xabar, ruxsatingizsiz qoʻyilgan surat yoki boshqa muammoni koʻrsangiz, bizga yozing. Buning uchun guldasta sahifasi pastidagi “Shikoyat yoki savol yuborish” tugmasidan, Yordam sahifasidagi formadan yoki Telegramdagi t.me/Qahor0v_bot manzilidan foydalaning.
Shikoyatlar 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Qoidalarga zid matn, surat yoki ovozli yozuv olib tashlanishi mumkin.
Maʼlumotlaringizni oʻchirish haqidagi soʻrovni ham shu yoʻllar bilan yuborasiz.
Oʻz xabaringizni olib tashlamoqchi boʻlsangiz-u, tahrirlash havolangiz yoʻqolgan boʻlsa, guldasta tashkilotchisiga murojaat qiling: u xabarni yashira oladi.
Bu matnning oʻzgarishi
Bu matn oʻzgarsa, saytda eʼlon orqali xabar beramiz.