Foydalanish shartlari

Guldasta.me dan foydalanish qoidalari — qisqa va oddiy tilda.

Oxirgi yangilanish: 7-oktabr 2026

Xizmat nima

Guldasta.me — bir inson uchun yaqinlari yozgan xabarlar, suratlar va ovozli tilaklarni bitta sahifaga, yaʼni guldastaga yigʻish xizmati.

Tashkilotchi guldasta ochadi, yaqinlarini havola orqali taklif qiladi, xabarlarni koʻrib chiqadi va tayyor guldasta havolasini qabul qiluvchiga oʻzi yuboradi.

Xizmatni jismoniy shaxs yuritadi. Uning sayti — qahorov.uz.

Akkaunt va havolalar

  • Guldasta yaratish uchun email orqali kirish kerak. Parol yoʻq: emailga bir martalik kod yuboriladi.
  • Xabar qoldirish va guldastani koʻrish uchun akkaunt kerak emas — havola yetarli.
  • Havolalar maxfiy. Ularni kimga yuborishni oʻzingiz hal qilasiz. Havolaga ega odam uni boshqalarga yubora oladi.
  • Tahrirlash havolasi yoʻqolsa, uni tiklab boʻlmaydi. Bunday holda guldasta tashkilotchisiga murojaat qiling.

Siz qoʻshadigan matn, surat va ovoz

Yozgan xabaringiz, yuklagan suratingiz va ovozingiz uchun oʻzingiz javob berasiz. Ularni qoʻshish bilan guldastada — tashkilotchiga va koʻrish havolasiga ega insonlarga — koʻrsatilishiga rozilik bildirasiz.

Quyidagilarni qoʻshmang:

  • boshqa insonning surati yoki shaxsiy maʼlumotini uning roziligisiz;
  • haqoratli, tahdidli yoki kamsituvchi matn va suratlar;
  • qonunga zid yoki sizga tegishli boʻlmagan, mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallar;
  • reklama va spam.

Tashkilotchining vazifasi

  • Tashkilotchi har bir xabarni koʻrib chiqadi: tasdiqlaydi yoki yashiradi. Faqat tasdiqlangan xabarlar guldastada koʻrinadi.
  • Tashkilotchi xabar matnini oʻzgartira olmaydi — buni faqat muallif qila oladi. Muallif tasdiqlangan xabarini oʻzgartirsa, u qayta koʻrib chiqiladi.
  • Guldastaga kimlarni taklif qilish va tayyor guldastani kimga yuborish — tashkilotchining qarori.

Cheklovlar

  • Bitta guldastaga 200 tagacha xabar qoʻshiladi.
  • Bitta xabarda 2000 belgigacha matn, 3 tagacha surat (har biri 10 MB gacha) va 120 soniyagacha bitta ovozli xabar boʻlishi mumkin.
  • Suratlar JPG, PNG yoki WebP formatida qabul qilinadi.
  • Guldasta ochilgandan yoki tashkilotchi belgilagan muddat oʻtgandan keyin yangi xabar qabul qilinmaydi.

Shikoyatlar

Qoidalarga zid matn, surat yoki ovozli yozuvni koʻrsangiz, Yordam sahifasidagi forma yoki Telegramdagi t.me/Qahor0v_bot orqali xabar bering.

Shikoyatlar 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Qoidalarga zid narsa olib tashlanishi mumkin.

Xizmatning ishlashi

Xizmat rivojlanmoqda: uzilishlar va xatolar boʻlishi mumkin. Siz uchun muhim matn, surat va ovozli xabarlarning nusxasini oʻzingizda ham saqlab qoʻying.

Oʻchirish va maxfiylik

Guldasta ochilgandan keyin uni 3 oy davomida hech kim koʻrish havolasi orqali ochmasa, guldasta oʻchiriladi: shu paytda unga kirish toʻxtaydi, maʼlumotlar va fayllar esa shundan keyin 30 kun ichida oʻchiriladi.

Xabar, guldasta yoki akkauntni oʻchirish tartibi va maʼlumotlar bilan qanday ishlashimiz Maxfiylik sahifasida yozilgan.

Shartlarning oʻzgarishi

Shartlar oʻzgarsa, saytda eʼlon orqali xabar beramiz.